Innovatsion rivojlanish agentligi rasmiylari institutimizga tashrif buyurishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022-2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-307-son qarori ijrosini ta’minlash va institut faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori O.To‘ychiyev boshchiligidagi vazirlik xodimlari 17-noyabr kuni Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurishdi.
Vazirlik delegatsiyasiga institut direktori f.m-f.d., professor Sh.Utamuradova institutning asosiy faoliyat mezonlari, bajarilayotgan ilmiy loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Shundan so‘ng, agentlik direktori O.To‘ychiyev xar bir rejalashtirilayotgan ilmiy loyihalarga ishlab chiqarish korxonalaridan hamrahbarlar biriktirilishi va buning natijasida ilmiy loyiha natijalarining amalda qo‘llanilish imkoni ortishini ta’kidladi. Institut ilmiy xodimi S. Rahmonov xozirda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda bajarilayotgan ilmiy loyiha va uning kutilayotgan natijalari bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Bundan tashqari agentlik rasmiylari tomonidan Institutda malakali ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash bo‘yicha yosh olimlarni qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan masalalarga to‘xtalib o‘tildi.