Yangiliklar


YOSH OLIMLAR VA FIZIK TALABALARNING IV RESPUBLIKA ILMIY ANJUMANI O’TKAZILDI



Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan ta’lim muassasalarida fizika fanini o‘qitish sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish uslublarini joriy qilish, iqtidorli o‘quvchilarni saralash, mehnat bozoriga raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda amaliy natijadorlikka yo‘naltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Institut tarkibidagi O‘zbekiston fizik-talabalari va yosh olimlar assotsiatsiyasining vazifalaridan biri fizika yo‘nalishida, xususan yarimo‘tkazgichlar fizikasi hamda yarimo‘tkazgichli mikroelektronika sohasida ilmiy faoliyat olib borayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ular ishtirokida ilmiy loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish, shuningdek ilmiy anjumanlar hamda simpoziumlarni tashkil etish va o‘tkazishdan iborat. Shu munosabat bilan 2024 yil 25 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va mikroelektronika ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston fizik-talabalari va yosh olimlar assotsiatsiyasi hamkorligida Yosh olimlar va fizik talabalarning IV Respublika ilmiy anjumani (YOFTRIA-IV) o’tkazildi. Ushbu anjuman xalqaro standartlar, zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlari, amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini ilmiy qiyosiy tahlil etish, mehnat bozori talablariga javob beradigan yetuk mutaxassislar tayyorlash borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan.


Respublika ilmiy-amaliy anjumani dasturga binoan yalpi majlis va quyidagi 6 ta shoʻbalar faoliyat olib bordi:
• Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va yarimo‘tkazgichlar materialshunosligi muammolari
• Mikroelektronika va elektrotexnika muammolari
• Fotonika muammolari
• Muqobil energiya manbalari
• Qattiq jismlarning radiatsion fizikasi
• Kondensatsiyalangan muhitlar fizikasi


Anjuman xulosasiga ko’ra fizika sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va bu borada ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishda ishtirok etish, Yosh olimlar va tadqiqotchilarni qisqa muddatli xorijiy yetuk oliy o‘quv yurtlariga yuborishga e’tibor qaratish, yetuk va malakali kadrlar tayyorlashning samaradorligini oshirish maqsadida zamonaviy fan yutuqlariga asoslangan ilmiy nashrlarni joriy qilish, oliy ta’lim muassasasi, fan va ishlab chiqarishning innovatsion korporativ hamkorligini oshirish, yangi g‘oyalar, innovatsiyalar, izlanishlar yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-texnologik muammolar bankini yaratish va muntazam yangilab borish va shuningdek, har yili muntazam ravishda ushbu ilmiy anjumanni o‘tkazishga kelishib olindi.